14:24 119 million dollarga “Qichqiriq”ni sotib olgan shaxs nomi e’lon qilindi | |
2012-yilning may oyida auksionlar tarixida rekord narxga sotilgan, norvegiyalik rassom Edvard Munkning "Qichqiriq” suratini amerikalik ishbilarmon, Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi mashhur kolleksioner Leon Blek (Leon Black) sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda "The Wall Street Journal” xabar bermoqda. Hozircha na Blekning o‘zi, na uning "Apollo Global Management” kompaniyasidagi matbuot xizmati "Qichqiriq”ning sotib olinishi bo‘yicha xabarlarga izoh berayotgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, "Qichqiriq” "Sotheby’s” auksionida 119,9 million dollarga sotilib, ochiq savdolar vaqtida pullangan eng qimmatbaho san’at asariga aylangan edi. Xabar berishlaricha, "Qichqiriq”ning savdosi atigi 12 daqiqa davom etib, bu vaqt oralig‘ida uning boshlang‘ich narxi – 40 milliondan uch baravargacha oshgan. O‘shanda Munk tomonidan chizilgan "Qichqiriq”ning to‘rtta variantidan birini kim sotib olganini, odatdagidek, ma’lum qilishmagandi (suratning qolgan uchta varianti Norvegiya muzeylarida saqlanadi). "The Wall Street Journal”ning yozishicha, Leon Blek san’at asarlari kolleksionarlari olamida ancha mashhur shaxslardan biri hisoblanadi. 2009-yili u "Christie’s” auksionida Rafael Santining "Muzaning boshi” surati uchun 47,9 million dollar to‘lagan edi. O‘sha vaqtda bu surat uchun berilgan rekord narx sifatida qayd etilgandi. 2006-yili Leon Blek kosmetika imperiyasi egasi Ronald Lauder bilan hamkorlikda germaniyalik ekspressionist rassom – Ernst Lyudvig Kirshnerning "Berlindagi ko‘cha sahnasi” asari uchun 38 million dollar to‘lagan edi. Bu narx Kirshner suratlari uchun berilgan eng qimmat baho bo‘lgandi. 2001-yili esa Blek va Lauder Maks Bekmanning "Ov karnaychasi bilan avtoportret” surati uchun birgalikda 21 million dollardan ko‘proq pul to‘lashgandi. O‘z kolleksiyasini ochiq namoyish etishdan qochmaydigan Lauderdan farqli o‘laroq, "The Wall Street Journal”ning yozishicha, Blek o‘ziga tegishli san’at asarlarini begona ko‘zlardan saqlashga harakat qiladi. 750 million dollarga baholangan Blekning kolleksiyasida Rafael va Van Gogning suratlari, Ternerning akvarellari, Uorxolning ishlari hamda Xitoy bronzalari bor va bularning barchasi kolleksionerning Nyu-Yorkdagi uyida saqlanadi. Nashrning taxminiga ko‘ra, omma Blek tomonidan sotib olingan "Qichqiriq”ni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Chunki ishbilarmon Nyu-Yorkdagi ikkita nufuzli muzey – Zamonaviy san’at muzeyi hamda Metropoliten-muzeyining direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi. "The Wall Street Journal”ning qayd etishicha, endi har ikkala muzey o‘rtasida Blekning "Qichqirig‘i”ni namoyish etish uchun oxiri nima bilan tugashi noma’lum bo‘lgan kurash boshlanadi. | |
Категория: DUNYO XABARLARI | Просмотров: 765 | |
Всего комментариев: 0 | |