Главная » 2012 » Апрель » 16 » Aleks Fergyusonning sobiq yordamchisi Toshkentga keladi
21:13
Aleks Fergyusonning sobiq yordamchisi Toshkentga keladi

Eron milliy terma jamoasining portugaliyalik bosh murabbiyi Karlush Keyrush va uning yordamchisi Umid Namozizoda Toshkentga keladi. O‘zbekiston futbol federatsiyasi (O‘FF) vitse-prezidenti Sardor Rahmatullayev nomiga Eron futbol federatsiyasiyasidan (EFF) kelgan xatga ko‘ra, eronliklar O‘FFdan mehmonlarni kutib olish va kuzatishda amaliy ko‘mak so‘ralgan. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar bermoqda.

Tashkilot saytidagi ma’lumotga ko‘ra, Karlush Keyrushning tashrifi 22-may sanasiga rejalashtirilmoqda. O‘FF asoslanib xabar bergan, shuningdek, "tasdiqlanmagan ma’lumotlarga asoslanib” qo‘shimcha qilgan"Stadion.uz” nashri esa Keyrush "Paxtakor” va "Bunyodkor” ishtirokidagi Toshkent derbisini tomosha qilish uchun tashrif buyurayotganini qayd etib o‘tgan.

Oliy liga birinchi davra taqvimiga ko‘ra, 18-21-may kunlari 9-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. 21-may kuni "Paxtakor” "Qizilqum”ni qabul qilsa, "Bunyodkor” Samarqandda "Dinamo” mehmoni bo‘ladi. "Bunyodkor” va "Paxtakor” o‘rtasidagi Toshkent derbisi esa 12-tur doirasida 26-iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

"Bunyodkor” va "Paxtakor” o‘rtasidagi Toshkent derbisi noma’lum muddatga qoldirilgan O‘zbekiston Superkubogi doirasida o‘tkazilishi ehtimoli ham tasdiqlanmadi. O‘zPFL rasmiy sayti xabariga ko‘ra, PFL direktori Farhod Magometov 22-may sanasiga Superkubok uchrashuvi belgilanmaganini ma’lum qilgan. O‘FF matbuot kotibi Sanjar Rizayevning "Kun.uz”ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Superkubok uchrashuvi sanasi noma’lum va katta ehtimol bilan bu yil ushbu o‘yin o‘tkazilmasligi mumkin.

22-may, shuningdek, 23-may kunlari, OFK tomonidan tasdiqlangan yangi taqvimga ko‘ra, Osiyo Chempionlar Ligasining g‘arbiy mintaqasida 1/8 final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu holatda ham 22-may kuni Toshkentda "Bunyodkor” yoki "Paxtakor” ishtirokida (o‘zaro emas) o‘yin bo‘lib o‘tmaydi. "Paxtakor” OCHL "B” guruhida 1-o‘rinni egallasa, "D” guruhidagi raqini 23-mart kuni Toshkentda qabul qiladi. "Bunyodkor” esa sharqiy mintaqadagi "E” guruhidan o‘rin olgan – bu mintaqa o‘yinlari avval rejalashtirilganidek 29-30 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Katta ehtimol bilan, EFF kichik xatoga yo‘l qo‘ygan. Masalaga oydinlik kiritish uchun O‘FF Eronga javob maktubini yo‘llashni rejalashtirgan. "Bu kabi holatlar tez-tez uchrab turadi va bu normal jarayon. Bunday adashishlar jiddiy e’tibor qaratadigan jihat emas”, – dedi Sanjar Rizayev.

Eron va O‘zbekiston milliy terma jamoalari JCh-2014 saralash 4-bosqichida bir guruhdan joy olishgan. Ikki terma jamoa o‘rtasidagi dastlabki o‘yin 3-iyun Toshkentdagi "Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Guruhda, O‘zbekiston va Erondan tashqari, Janubiy Koreya, Livan va Iordaniya terma jamoalari bor. Guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Braziliyada bo‘ladigan mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi, uchinchi bo‘lgan jamoa pley-off bahslarida qatnashadi.

59 yoshli Karlush Keyrush murabbiylik faoliyati davomida BAA (1998-1999), Janubiy Afrika Respublikasi (2000-2002), Portugaliya (1991-1993, 2008-2010) terma jamoalarida, Portugaliyaning "Sporting” (1994-1996), Ispaniyaning "Real” (Madrid, 2003-2004) jamoalarida bosh murabbiy sifatida ish olib borgan. 2002-2003 va 2004-2008-yillar oralig‘ida esa Angliyaning "Manchester Yunayted” jamoasi bosh murabbiyi Aleks Fergyusonga yordam bergan. 2011-yilning 4-aprel kuni Eron terma jamoasi bilan 3,5 yillik shartnoma imzolagan.

Категория: Sport Yangiliklari | Просмотров: 834 | Добавил: number_1
Всего комментариев: 1
13:57
Xm ularga omad
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]