22:22 Barak Obama Dartmut kolleji prezidentini Jahon banki rahbarligiga tavsiya qilmoqda | |
AQSh prezidenti Barak Obama Dartmut kolleji (Dartmouth College) prezidenti doktor Jim Yong Kim nomzodini Jahon banki rahbarligiga tavsiya qilmoqda. Bu haqda "CNN Money” nashri xabarqilgan. Janob Kimning mutaxassisligi iqtisodiyot yoki biznes emas, balki tibbiyot. Bunday holat Jahon bankining avvalgi prezidentlari bilan ham ro‘y bergan. U avval Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida katta mutaxassis bo‘lib ham ishlagan. Jim Yong Kim rivojlanayotgan mamlakatlarda turli kasalliklarga, jumladan OITSga qarshi kurashish borasidagi harakatlari bilan tanilgan. U kambag‘al mamlakatlarda salomatlikka oid dasturlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan "Partners in Health” ("Salomatlik hamkorlari”) nodavlat notijorat tashkilotining asoschilaridan biri hamda uning sobiq rahbaridir. Jahon banki ham Xalqaro valyuta fondi bilan bir paytda, 1944-yilda Ikki jahon urushidan keyin dunyoni qaytadan rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan. Hozirda unga jami 187 ta davlat a’zo. Jahon banki asosan ta’lim, salomatlik, xususiy sektorni rivojlantirishga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ularga turli grantlar, kreditlar ajratadi. Tashkilot so‘nggi besh yil ichida shunday loyihalarga 250 milliard dollar atrofida mablag‘ sarfladi. Eslatib o‘tamiz, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQSh va Yevropa o‘rtasida nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilotlarga rahbarlarni tayinlash bo‘yicha "jentlmencha kelishuv” tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra Jahon banki prezidenti har doim amerikalik bo‘lishi va Xalqaro valyuta fondi rahbari esa yevropalik bo‘lishi lozim. O‘tgan yili fransiyalik Kristin Lagard xonim o‘z vatandoshi Dominik Stross-Kanning o‘rniga Xalqaro valyuta fondi rahbari etib tayinlangan edi. O‘shanda BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR) davlatlari mazkur tashkilotga o‘z nomzodlarini ilgari surishgan bo‘lsa-da, bunday maqsad amalga oshmagan edi. Xalqaro valyuta fondining mablag‘lari a’zolar to‘laydigan badal evaziga shakllantirilgani bois, unda ovoz berish huquqi ham tashkilotdagi ulushning qancha ekanligiga bo‘gliq. Eng katta aksiyador sifatida AQSh qariyb 16% ulushga egalik qilsa, u Yevropa davlatlari bilan birgalikda deyarli 50% ovoz berish huquqiga ega. Shu sababdan ham AQSh va Yevropa Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi rahbarlarini tayinlashda boshqalarga qaraganda ustunlikka ega. Eslatib o‘tamiz, Jahon bankining ayni paytdagi prezidenti Robert Zellik o‘zining 5 yillik muddati tugaganidan so‘ng iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi. "Agence France-Presse” agentligining aniqlik kiritishicha, Robert Zellik 2007-yildan beri tashkilotga rahbarlik qilib kelmoqda va uning vakolat muddati 2012-yil 30-iyun kuni tugaydi. Jahon banki Boshqaruvchilar kengashining ma’lum qilishicha, ushbu xalqaro tashkilotning yangi prezidenti 2012-yil 20-aprelgacha tayinlanadi. Kuzatuvchilarning firkicha, munosib nomzodni topish bilan esa Barak Obama ma’muriyati shug‘ullanadi. Jim Yong Kim asli amerikalik bo‘lmaganligi uchun uning Jahon banki prezidenti etib tayinlanishi Osiyo davlatlarining qarshiligiga uchramaslik ehtimoli katta. Jim Yong Kim Janubiy Koreyada tug‘ilgan bo‘lib, besh yoshida oilasi bilan Amerikaga ko‘chib kelishgan. Janob Kim AQShning Braun universitetida bakalavriyatni tamomlagan bo‘lib, nomzodlik ishini esa Garvardda qilgan. | |
Категория: DUNYO XABARLARI | Просмотров: 1014 | |
Всего комментариев: 4 | |
| |