13:40 Benjamin Uilyamsni avstraliyaliklar ham yomon ko‘rishadi | |
Avstraliyalik hakam Benjamin Uilyamsning Osiyo kubogidagi ketma-ket qo‘pol xatolari nafaqat musobaqa ishtirokchilarining, balki avstraliyaliklarning ham keskin noroziligiga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”. Dastlab Uilyams Eron va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqarib bordi. Eronliklar bosh murabbiyi Karlos Keyrush ketma-ket xatolarga yo‘l qo‘ygan hakamni matbuot anjumanida tanqid qilgani bois OFK tomonidan 3000 dollar miqdorida jarima bilan jazolandi. Shundan so‘ng Benjamin O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni o‘yinida 2 ta o‘ta qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. U yo‘q joydan O‘zbekiston darvozasiga penalti belgilab, jamoamizning bitta toza golini inobatga olmadi. Shunga qaramay, OFK unga chorak finalning yana bir o‘yinini ishonib topshirdi. U esa yana bir marta ishonchni oqlamadi. U Eron va Iroq o‘rtasidagi o‘yinda fors futbolchisi Mehrdod Po‘lodiyga yo‘q joydan ikkinchi sariq kartochkani o‘ylab topdi va 43-daqiqada Keyrush jamoasining bir kishi kam bo‘lib qolishini ta’minladi. O‘yin penaltilar seriyasigacha davom etib (asosiy vaqt – 3:3), unda Iroq 7-6 hisobida g‘alaba qozondi. Yuqorida aytganimizdek, avstraliyalik mutaxassislar ham Uilyamsni keskin tanqid ostiga olishdi. Jumladan, sobiq futbolchi Jon Aloizining fikricha, Benjamin Po‘lodiyga haddan tashqari erta sariq kartochka bergan. “Men uchun bu o‘yindagi hakamlar juda yomon bo‘ldi. Menimcha, ushbu vaziyatda u nima qilayotganini bilgan holda bu ishga qo‘l urdi. Biz so‘z erkinligi haqida ko‘p gapiramiz, ammo hakam bunga amal qilmadi. O‘ylashimcha, Benjamin tanqidiy so‘zlar uchun Keyrushni jazoladi. Men futbolchilik paytimda ham, murabbiylik paytimda ham Uilyams bizning o‘yinlarni boshqarib borgan. Men hamisha uning sha’niga maqtov so‘zlarni aytardim. Bilardimki, agar uni tanqid qilsangiz, u darhol sizga qarshi ishlashni boshlaydi. Agar uni maqtasangiz, u sizga yordam berishi mumkin”, − deydi Aloizi. Benjamin Uilyams Avstraliya A ligasi o‘yinlaridan bir necha marta chetlashtirilgan. Masalan, o‘tgan yilning oktyabr oyida Avstraliya futbol federatsiyasi kubogi doirasida u “Sidney” FK himoyachisi Nikola Petrovichni nohaq maydondan chetlatgani uchun 7ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Avstraliyalik sobiq darvozabon Mark Bosnich ham Benjamin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. “U O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni o‘yinida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Vitaliy Denisov qoida buzdi deya O‘zbekiston darvozasiga penalti qo‘yish xato qaror edi. Uni yana o‘yinlarga tayinlash kulgili qaror edi. Men ham xuddi eronliklar singari shokka tushdim”, − deydi Bosnich. Hozircha OFK vakillari Benjamin Uilmsning xatolari bo‘yicha izoh berishdan bosh tortishmoqda. Uilyamsning o‘zi esa jurnalistlarning qo‘ng‘iroqlariga javob bermayapti.
Прикрепления: Rasm 1 | |
Категория: Sport Yangiliklari | Просмотров: 2225 | |
Всего комментариев: 0 | |