21:15 Britaniya bosh vaziri somsa uchun solingan soliqni himoya qilib chiqdi | |
Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron do‘konlarda sotilayotgan issiq pishiriqlar uchun QQS (qo‘shimcha qiymat solig‘i)ni joriy etish qarorini himoya qilib chiqdi. Bu haqda "The Independent” nashri xabar bermoqda. Kemeronning so‘zlariga ko‘ra, bu soliq turi restoranlarni katta savdo tarmoqlari bilan tengsiz raqobatda himoya qilishi kerak. Avvalroq, qonun muallifi – mamlakat moliya vaziri Jorj Osborn – parlamentdagi chiqishi vaqtida oxirgi marta qachon pirogcha sotib olganini eslay olmaganidan so‘ng, tanqid ostida qolib ketgandi. "Greggs” savdo tarmog‘i rahbari Ken Makkikanning aytishicha, vazirlar hayotga mutanosiblik tuyg‘usini yo‘qotishgan va joriy etilayotgan yangiliklar oddiy odamlarga qanday ta’sir qilishini tasavvur ham qila olishmaydi. Makkikanning kompaniyasi aksiyalari narxi, hukumatning olib ketiladigan issiq pishiriq uchun QQS joriy etishi bilan bog‘liq qarori sabab, tushib ketdi va kompaniya millionlab funt zarar ko‘rdi. Avvallari qonunda ushbu mahsulotlar uchun 20 foizlik soliqdan qutulib qolish imkonini beradigan tuynuk bor edi. Kemeronning so‘zlariga ko‘ra, issiq taomlarning aksariyati xuddi shunday soliqqa tortiladi. Biroq katta savdo tarmoqlari, kichik biznes ustidan ustunlikka erishib, noxolis ravishdan qonundagi tuynukdan foydalanib kelishadi. Konservatorlar hukumatini asosiy raqib – Leyboristlar partiyasi yetakchisi Ed Milibend tanqid qilib chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yonilg‘i narxi qimmatlashib bormoqda, bolalar uchun nafaqalar va soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda. "Oxiri, mana, pishiriqlar uchun 20 foizlik soliq solishmoqda, bunga vazir qanday javob berarkin?, – dedi Milibend. – Ha, uning aytishicha, pishiriqni sovuq holda sotib olib, soliqdan qutulib qolishimiz mumkin. Shu javobning o‘zi bu hukumat haqiqiy hayotdan qanchalik uzoq ekanligini ko‘rsatib turibdi”. Qiziq tomoni, Osborndan farqli o‘laroq, Kemeron muntazam issiq pishiriqlar sotib olishini, shuning uchun ham, muammo bilan yaxshi tanishligini aytib o‘tgan. "The Daily Mail”ning yozishicha, bosh vazir yaqindagina "West Cornwall Pasty Company” Lids stansiyasidagi do‘kondan bulochka sotib olganini aytgan. Biroq, Buyuk Britaniya temiryo‘l boshqarmasi bu xabarni tezda inkor etib chiqdi – bosh vazir aytgan do‘kon 2007-yilning martida yopilib bo‘lgan. | |
Категория: Qiziqarli ma'lumotlar | Просмотров: 899 | |
Всего комментариев: 5 | |
| |