Butun olamni yaratib, shu olamning gultoji bo'lgan insonga xidoyat yo'lini ko'rsatgan va boshqa ibodatlar qatorida ro'zadek ulug' sinovni farz qilib qo'ygan Alloh taologa xamdu sanolar bo'lsin! Barcha mo'min-musulmonlarga ibodatlar amalini xayotlari misolida ko'rsatib-o'rgatib ketgan Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga, u zotning asxoblari va axli baytlariga salovotlar bo'lsin! Mana, intiq bo'lib kutilgan, oylar sultoni Ramazonga xam eson-omon yetib keldik. Bu oy mo'min kishi uchun cheksiz ne'mat bo'lib, ulkan savoblarni qo'lga kiritishga sabab bo'ladigan muddatdir. O'nglanish, qalbni poklash, nafsimiz va oilamizni isloh qilish, taqvoni kuchaytirish uchun bir imkoniyat oyidir. Xar bir musulmon Qur'oni karimning ilk oyatlari nozil bo'la boshlagan bu muborak oyda to'liq ro'za tutib, zimmasidagi farz ibodatlaridan birini ado etishi lozim. Alloh taolodan bu muborak oyda gunoxlardan tozalanib, nafslarimiz o'nglangan xolda chiqishimizni so'raymiz! Alloh taolo Ramazon oyini barchamiz uchun muborak qilsin!