Главная » 2012 » Июнь » 23 » Men ham qizingizman, dadajon!
18:32
Men ham qizingizman, dadajon!
"...Agar baxt faqat yemak-ichmakda bo’lganda, yetimxonadagi bolalar eng baxtiyor sanalardilar. Ammo ular ustilari but, qorinlari to’q bo’lsa-da, yig’laydilar. Xo’sh, nega yig’laydilar? Bundan chiqdi, ota-ona bilan yashash katta imtiyoz ekan-da! Otaning tizzasida yoki biqinida suyanib yayramoq, hidini tuymoq, ostonada yo’llarini poylab o’tirmoq ham bir boylik ekan! "Dada-a!” deb chaqirsang, senga burilib qarayotgan otang emas BAXT ekan!”(Tursunoy Sodiqova) 
Bugun mening to’yim. Atrofimdagilarning aytishicha, ko’rgan odamning suqi kiradigan darajada go’zal kelinchak bo’libman. Bu ta’rif shunchaki yo’liga, xushomad yoki ko’nglim uchun aytilmayotganini bilaman.

Ammo... eh, odamlar, bilsangiz, dunyodagi eng ko’rimsiz  kelinchak bo’lishga ham rozi edim, faqat shunday kunimda dadam bir borgina yonimda bo’lsalar bo’ldi edi. Dada, dadajon! Qaerdasiz? Kelmaysizmi, bir paytlar siz "onajon” deb erkalab suyadigan qizingiz bugun oq libos kiyib, kelin bo’ldi. O’n ikki yildan beri yo’lingizga termulaverib tolmagan umidvor nigohlarimdagi ishonchni oqlamaysizmi kelib? Bilaman, allaqachon bilganman, sizning endi boshqa oilangiz bor, menga o’xshagan qizingiz, ukamga o’xshagan boshqa o’g’ilingiz... Faqat ularning bizga o’xshab ko’ngli yarim, o’ksik emas. Ularning dadasi ko’zlari to’rt bo’lib kutayotgan farzandlarini unutib qo’ygan, bag’ritosh ota emas. Ular dadalari har kech ishdan sovg’a-salomalar bilan to’lib-toshib uylariga qaytishi bilishadi.  Biz esa...  qaytmasligingiz qaytishingizdan ko’ra ko’proq ayon bo’lsa-da kutamiz, kutaveramiz. Xuddi hozirgidek...  Mana, hamma kuyovning kelishini kutayapti, men esa... sizning! Ana, hamma qiy chuv qilib qoldi:  "Kuyov keldi, kuyov keldi!”

Dadajon! Qizingizni olib ketishga kelishdi. Siz... KЕLMAYSIZMI?

 "Kelmaydi, bekorga umidvor bo’lma”. O’n ikki yildan beri o’tgan kuni ilk marta oyimdan bu gapni  eshitdim. Ular  buni shu qadar qat’iy ishonch bilan aytdilarki, butun vujudim muzlab ketganday bo’ldi. Shunga qaramay, qarorimdan qaytmadim. "Dadamga to’yim xabarani o’zim yetkazaman, ular albatta, keladilar”. 

O’n ikki yildan keyingi uchrashuvga tayyorlanish menga oson bo’lmadi, ko’zlarimga uyqu kelmay, bu uchrashuvni xayolimda necha martalab o’tkazmadim deysiz. Afsus, bari befoyda bo’ldi. Siz rostdan ham uyingizda yo’qmidingiz yoki allaqaeri o’zimga o’xshab ketdigan anavi qiz yolg’on gapirdimi? Bilbadim. Soddaman-da, "Ularda nima ishingiz bor?” deb so’raganda, qo’limdagi taklifnomani darrov tutqaza qolmasdan, boshqa bir bahona o’ylab topsam bo’larkan. O’zimda emasdim. Sizdan boshqa odam eshikni ochishi  mumkinligi xayolimga kelmabdi. Axir bizning uyimizda kechasi eshikni faqat o’zingiz ochardingiz-u, na oyimga, na menga ruxsat bermasdingiz. Ha, butun boshli oila buzilib, taqdirlar o’zgarib ketganida, odatlar, qoidalar almashishi nima bo’pti deysizda.  Qizingiz qo’limdagi taklifnomani olarkan, undagi "Aziz dadajonimga” degan yozuvni o’qib, ko’zlari kattarib ketganini ko’rdim va... uning hech qachon qo’lingizga yetib bormasligini sezgandim. O, bunchalar xudbinlik.  Undan dadasini (dadamni) bir umrga tortib olayotganim yo’q edi-ku. Bir kun, atigi bir kungina sizni menga ravo ko’rishmadiya... Dadajon! Ertaga mana shu qizingizni uzatib,  ko’zingizga yosh olib unga oq fotiha berayotganingizda bularning baridan mahrum etganingiz - ko’nglini yarim qilib ketgan biz mehringizga zorlarni ham bir borgina eslaysizmi?.. Xayolan bo’lsa-da, peshanamdan o’pib baxt tilaysizmikan?..

Категория: Qiziqarli ma'lumotlar | Просмотров: 601 | Добавил: number_1
Всего комментариев: 2
01:22
xmmmm
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]