18:59 “MTS” vakili aloqani bosqichma-bosqich o‘chirish imkonsiz bo‘lganini bildirdi | |
"MTS-O‘zbekiston”ning O‘zbekiston Milliy bankidagi hisob-raqamlari 19-iyul kuni muzlatilgan va 17-iyul kuni abonentlardan tushgan to‘lovlarning bir qismi kompaniya hisobiga o‘tkazilmagan. Bu haqda "MTS” bosh kompaniyasi blog-kotibi Marina Akulich "MTS-O‘zbekiston”ning Feysbukdagi sahifasida ma’lum qildi. Akulichning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda u ishlayotgan kompaniya "biznesi O‘zbekiston Respublikasining nazorat qiluvchi organlari tomonidan keng miqyosda va asossiz ravishda bosim ostiga olinmoqda”, shunga qaramay, "MTS” kompaniya faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish uchun "barcha qonuniy choralarni” ko‘rishga harakat qiladi. Akulichning ogohlantirishicha, 19-iyul kuni O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki kompaniyaning hisob-raqamlarini muzlatilagan, shuningdek, 17-iyul kuni abonentlardan tushgan to‘lovlarning bir qismini "MTS-O‘zbekiston” hisobiga o‘tkazmagan. "Bank bizga muzlatishni tasdiqlovchi yoki asoslovchi biror-bir hujjatni taqdim etgani yo‘q. Bank rahbariyati […] MTS vakillari bilan uchrashishdan bosh tortishdi”, – deb yozadi Akulich. 18-iyul kuni O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi (O‘zAAA) maxsus bayonot bilan chiqib, "O‘zdunrobita” "iste’molchilar manfaatlarini inobatga olmay”, O‘zAAA tomonidan ko‘rsatilgan – aloqaning o‘chirilishini bosqichma-bosqich (uch kun davomida) amalga oshirish bo‘yicha reglamentga amal qilmaganini bildirgandi. Akulich bu mavzuga to‘xtalar ekan, tarmoqni bosqichma-bosqich o‘chirish qonunchilikka zidligini yozgan. "Qonunchilikda telekommunikatsiya litsenziyasi to‘xtatilganidan so‘ng, operator hech qanday aloqa xizmatini ko‘rsatishga haqqi yo‘qligi aniq yozib qo‘yilgan”, – degan Akulich qaysi qonundan iqtibos keltirganini aniqlashtirmagan. Akulichning qo‘shimcha qilishicha, "O‘zdunrobita” "qonunga qarshi yurib, tarmoqni bosqichma-bosqich o‘chirmoqchi bo‘lganida ham”, bu texnik jihatdan imkonsiz bo‘lgan. "17-iyul 18:00da O‘zbekistondagi magistral tarmoqlarning davlat monopolisti – "O‘zbektelekom” barcha yerusti magistral kanallarini o‘chirib qo‘ydi. Bu holat esa har qanday ko‘rinishdagi aloqa xizmatlarini, jumladan, mobil aloqa xizmatini ko‘rsatishni imkonsiz qilib qo‘ydi”, – deydi "MTS” kompaniyasi blog-kotibi. Rasman kompaniya nomidan gapirgan Akulich, so‘ngda shunday qo‘shimcha qilgan: "O‘zbekiston Respublikasining nazoratchi organlarining bu kabi harakatlarini, bir vaqtning o‘zida kompaniya faoliyatining O‘zbekistonning bir qator nazoratchi instansiyalari tomonidan tekshirilishini, qo‘rqitish taktikasidan foydalanish hamda "O‘zdunrobita” xodimlarini hibsga olinishini biz ("MTS” – izoh "Kun.uz”niki) rossiyalik investorning biznesiga qarshi qaratilgan asossiz hujum sifatida ko‘ramiz”. Bosh prokuratura "Uzdunrobita” kompaniyasiga nisbatan jinoiy ish ochgani haqida ilk bor 2012-yilning 27-iyun kuni ma’lum bo‘lgandi. Bundan avvalroq esa Davlat aloqa inspeksiyasi "MTS-O‘zbekiston” mamlakatning turli hududlarida bir necha o‘nlab tayanch stansiyalaridan noqonuniy ravishda foydalanayotganini ma’lum qilgandi. | |
Категория: Qiziqarli ma'lumotlar | Просмотров: 882 | |
Всего комментариев: 0 | |