Главная » 2014 » Июль » 31 » Qozog‘istondagi jurnal bosh muharriri Gitler haqidagi maqola uchun jarimaga tortildi
09:54
Qozog‘istondagi jurnal bosh muharriri Gitler haqidagi maqola uchun jarimaga tortildi
Olma-Otadagi ixtisoslashgan tumanlararo ma’muriy sud aprel oyi soni Adolf Gitlerga bag‘ishlangan “Aniz adam” jurnali bosh muharriri Jarilkap Kalibayni jarimaga tortdi, shuningdek nashrning shov-shuvli sonini musodara qilish haqida qaror chiqardi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.



Adliya vazirligi Sud ekspertizasi markazi eksperti jurnaldagi “Gitler fashist emas” maqolasida ekstremizmni oqlash belgilari borligini aniqlagan. Shunga asoslanib, Olma-Ota ichki ishlar departamenti Kalibayga nisbatan Qozog‘iston Ma’muriy qonunbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 344-moddasi 2-bandiga muvofiq ayblov qo‘yildi.

Sud qaroriga ko‘ra, Kalibayga 15 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichida (152 dollar), jurnalni chop etuvchi yuridik shaxsga esa 70 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichida (708 dollar) jarima solindi.

Eslatib o‘tamiz, “Aniz adam” (“Afsonaviy shaxs”) jurnalining aprel soni Adolf Gitlerning 125 yilligiga bag‘ishlangan edi.

Jurnalning shov-shuvga sabab bo‘lgan soniga “Gitler fashist emas” maqolasi kiritilgan bo‘lib, unda fashistlar rahnamosi oqlangan. Yana bir maqola esa Gitlerning “Mayn kampf” kitobiga bag‘ishlangan. Jurnalda kitobdagi ko‘pgina muammolar to‘g‘ri ochib berilgani ta’kidlangan.

Ushbu songa Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham munosabat bildirib, bunday nashr nomaqbul ekanini ta’kidlagan. Aloqa va axborot milliy agentligi shov-shuvli sonda respublika konstitutsiyasi va qonunchiligidagi ijtimoiy, milliy, irqiy yoki diniy zidlikni avj oldirish qismini buzish alomatlari borligi haqida bayonot bergan.

21-aprel kuni Ikkinchi jahon urushi faxriylari jurnalning Gitler haqidagi sonini yoqib yuborishdi va hokimiyatga murojaat qilib, nashr litsenziyasini olib qo‘yishni so‘rashdi. Ular “Aniz adam” bosh muharririni jinoiy javobgarlikka tortishni ham talab qilishdi.

Jarilkap Kalibayning o‘zi esa barcha da’volarni rad etib, u shunchaki, Gitler kabi shaxslardan yetishi mumkin bo‘lgan xavflarni ko‘rsatmoqchi bo‘lganini aytgan.
Прикрепления: Rasm 1
Категория: DUNYO XABARLARI | Просмотров: 1725 | Добавил: Sherzod_230688
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]