21:12 Ravshan Ermatov Olimpiada-2012 final bosqichi o‘yinlarida hakamlik qiladi | |
O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov Olimpiada-2012 futbol musobaqalarida hakamlik qiladi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar bermoqda. 2012-yilning 25-iyuldan 11-avgustiga qadar Angliyaning 6 shahrida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda Ermatovga qanotlarda o‘zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov yordam berishadi. FIFA Hakamlar qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan hakamlar ro‘yxatida jami 16 nafar bosh hakam va 32 nafar qanot hakamlari bor. 2003-yildan beri FIFA miqyosidagi o‘yinlarda hakamlik qilib keladigan Ravshan Ermatov bungacha Olimpiada o‘yinlari final bosqichida ishlamagan edi. 34 yoshli Ermatov shu vaqtgacha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Jahon chempionatlarida ishlagan. 2008-yilda Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ilk bora taklif etilgan o‘zbekistonlik referi 2011-yilgi musobaqaning "Santos” (Braziliya) – "Barselona” (Ispaniya) jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvini boshqargan. Shuningdek, xuddi shu yili Ermatov o‘z brigadasi bilan Osiyo Kubogi final uchrashuvini ham boshqarib borgan edi. Ermatov 2010-yili Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida beshta uchrashuvda hakamlik qilib, bir mundial davomida beshta uchrashuvda ishlagan futbol tarixidagi uchinchi referiga aylangan edi. Bu musobaqada Ermatovga, qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorovdan tashqari, o‘zbekistonlik Rafael Ilyosov yordam bergan edi. 2010-yilgi Jahon chempionatidan so‘ng Ravshan Ermatov, O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra, "O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan egasiga aylangan. Olimpiada o‘yinlari futbol musobaqalari futbol bo‘yicha jahon chempionati bahslaridan keyingi eng yirik xalqaro futbol turniri hisoblanadi. | |
Категория: Qiziqarli ma'lumotlar | Просмотров: 581 | |
Всего комментариев: 5 | |
| |